Konsta (Sharifjon Shokir o‘g‘li Abdullayev) — 1992-yil 9-sentabrda Sirdaryo viloyatining Guliston shahrida tug‘ilgan o‘zbek reperi. Faoliyati davomida O‘zbekiston jamiyatining katta qismiga begona bo‘lmagan turli mavzularga oid (keng jamoatchilik uchun dolzarb ijtimoiy muammolar, yoshlarning ichki kechinmalari, oilaviy munosabatlar, xorij mamlakatlaridagi vatandoshlarning ko‘nglidan o‘tkazayotganlari) treklar muallifi. Havaskor darajada hip hop bilan 22 yoshidan shug‘ullanishni boshlagan. Professional faoliyati davomida (2025-yil oktabr ma’lumotlariga ko‘ra) jami 5 ta musiqiy albom (“Alximik”, “Inson”, “Biz yo‘q joyda”, “Kulrang”, “Qiymat”), yuzlab treklar hamda mahalliy kreativ ustalari bilan hamkorlikda bir necha o‘nlab kliplarni taqdim etgan. O‘zbekistonlik taniqli san’atkorlar Sevara Nazarxon (“Asra meni”), Lola (“Sog‘indim”), Munisa Rizayeva (“O‘ylamading”), Dilnoz (“U haqida”), Shokir (“Chumoli”, “Ertasi yo‘q”) bilan duetlar ijro etgan. Konsta ijodidagi hitlar xalqaro musiqiy striming platformalari chartlarida TOP o‘rinlarni qayd etib keladi. Hip hop ustasining so‘nggi yillardagi treklarida umidbaxshlik, muhabbat, sadoqat, oilaga mehr, o‘ziga ishonch, shijoat, o‘ylarni tartiblashga chorlovlar mavjudligi, har bir insonning o‘z noyob yo‘liga egaligi sabab o‘zbekistonlik millionlab yoshlarning pleylistlaridan joy olgan. Konsta muxlislari hamjamiyatining norasmiy nomi INSONLAR deb ataladi. 2025-yil ijodkor faoliyatidagi katta ildamlash yili bo‘ldi: u O‘zbekiston va Qoraqalpog‘istondagi 12 ta shaharda “Vatan” konsert turini o‘tkazdi, “Qiymat” albomini, bir necha yangi treklarni taqdim etdi. 12-oktabr sanasida esa “Vatan” konsert turining mantiqiy yakuni hisoblangan katta konsertni Humo Arenada o‘tkazadi.